Ko‘zi ojizlar uchun qulay ko‘rinish
Shrift
uz ru kk
SDVUNF Nukus filiali logotipi SDVUNF · Nukus filiali Axborot resurs markazi (ARM)

ARM haqida

AXBOROT-RESURS MARKAZI (ARM) TO'G'RISIDA NIZOM

1. Umumiy qoidalar

1.1. Axborot-resurs markazi (keyingi o'rinlarda ARM deb ataladi) universitet tarkibida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Respublika aholisini axborot-kutubxona bilan ta'minlashni tashkil etish to'g'risida» 2006 yil 20 iyundagi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etildi.

1.2. ARM universitet rahbariyatiga bo'ysunadi.

1.3. ARM universitet tomonidan uning tarkibiy bo'linmasi sifatida mablag' bilan ta'minlanadi.

1.4. ARM o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga, qonunlariga, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining qarorlari, buyruqlari va boshqa normativ-huquqiy xujjatlariga, universitet ustaviga, universitet rahbariyatining buyruqlari va farmoyishlariga, ichki tartib qoidalariga hamda ushbu Nizomga amal qiladi. 

1.5. ARM o'z faoliyati bilan foydalanuvchilarining axborot resurslari va kutubxona fondidan erkin foydalanish huquqini ta'minlaydi.

1.6. Axborot-resurslari va kutubxona fondidan foydalanish tartibi, asosiy xizmatlar ro'yxati, ularni koʻrsatish shartlari, foydalanuvchilarning huquqlari va javobgarligi ARMdan foydalanish qoidalarida belgilanadi.

1.7. ARMga umumiy tashkiliy-metodik rahbarlik, ularning ishlarini muvofiqlashtirish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasi huzuridagi Respublika axborot-kutubxona tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Idoralararo kengash idoraviy va hududiy metodik markazlar tizimi orqali: O'zbekiston Milliy kutubxonasi respublika metodik markazi, Idoralararo kengashning ishchi organi orqali; Mirzo Ulug'bek nomidagi Milliy universitetning ilmiy kutubxonasi Oliy ta'lim muassasalari ARMlarining metodik markazi orqali amalga oshiriladi.

2. Asosiy vazifalari

2.1. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda foydalanuvchilarning muntazam ta'lim olishiga va mustaqil ravishda ta'lim olishiga ko'maklashish.

2.2. Milliy ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni keng targ'ib qilish va xalqning madaniy-tarixiy merosidan bahramand bo'lishni ta'minlash, ma'naviy boy va uyg'un kamol topgan shaxsning ijodiy o'sishi uchun imkoniyatlar yaratish.

2.3. Axborotlarga bo'lgan talablarga muvofiq va ARM ma'lumotlar qidirish apparati tizimi orqali har qanday fondlardan keng foydalangan holda yangi axborot texnologiyalari (ma'lumotlarning elektron bazalari, INTERNET resurslari) asosida foydalanuvchilarga zarur darajada axborot xizmati koʻrsatish.

2.4. Axborot madaniyatini tarbiyalash, foydalanuvchilarni axborotlar qidirishning zamonaviy uslublariga o'qitish.

2.5. Axborot jarayonlarining zamonaviy texnologiyalarini va kompyuterlashtirishni joriy etish asosida ishlarni takomillashtirish.

2.6. Universitet soxasiga va foydalanuvchilarning axborotlarga boʻlgan ehtiyojlarga muvofiq ARM fondini shakllantirish. Ma'lumotlar qidirish apparatini, ma'lumotlar bazalarini, kataloglar va kartotekalarni tashkil etish va yuritish.

2.7. Madaniy, ta'lim, axborot va boshqa dasturlar, loyihalar, aksiyalarni birgalikda amalga oshirish uchun, shuningdek foydalanuvchilarning hujjatlarga va axborotlarga ehtiyojlarini yanada to'liq qondirish uchun ARMlar, axborot-kutubxona markazlari (AKMlar), ta'lim muassasalari, o'zini o'zi boshqarish organlari, ijtimoiy ta'minot xizmatlari, milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikni, faoliyatni muvofiqlashtirish va kooperatsiyalashni rivojlantirish.

2.8. ARM xizmatlari ro'yxatini kengaytirish, texnik jihozlash, axborot jarayonlarini kompyuterlashtirish asosida xizmatning sifatini oshirish.

2.9. Rivojlangan davlatlar tajribasini o'rganish, tahlil qilish va sohani rivojlantirish borasida ilmiy tadqiqotlar olib borish.

3. Asosiy funksiyalari

3.1. O'quv zallarida, abonementlarda hamda yagona kitobxon bileti boʻyicha kitoblar berishning boshqa punktlarida, yakka tartibda va guruhlar bo'yicha xizmat ko'rsatish metodlarini qo'llagan holda, foydalanuvchilarga tabaqalashtirilgan xizmat ko'rsatishni tashkil etadi.

3.2. Universitet kafedralarida, oʻquv markazlarida, laboratoriyalarida shakllantirilgan elektron axborot resurslarini to'plash, tizimlash, kataloglashtirishni amalga oshiradi. Elektron kataloglashtirish bibliografik axborotni taqdim etish va uzatishning xalqaro formatlari (MAKS formatlari) talablariga qat'iy muvofiq holda olib boriladi. ARMda ma'lumotlarning original tematik bazalarini yaratish yo'li bilan universitetning axborot resurslarini shakllantirish mumkin. 

3.3. ARM foydalanuvchilarni asosiy axborot xizmatlari bilan bepul ta'minlaydi:

  • ARM fondi tarkibi to'g'risida to'liq axborot beradi;
  • matbaa asarlari va boshqa hujjatlarni qidirish va tanlashda maslahat yordami koʻrsatadi;
  • ARM fondlaridan hujjatlarni vaqtincha foydalanish uchun beradi;
  • universitetning ilmiy va o'quv ishlariga yordam sifatida bibliografik ko'rsatkichlar, yangi adabiyotlar ro'yxatlari tuzadi; tematik, adresli va boshqa bibliografik ma'lumotlar beradi; bibliografik sharhlar o'tkazadi; kitob kataloglar, kartotekalar tizimi va axborotlar berishning boshqa shakllari orqali ko'rgazmalari tashkil qiladi;
  • foydalanuvchilar, rahbariyat, professor-o'qituvchilar tarkibi, ilmiy xodimlar va aspirantlarning axborotlarga bo'lgan ehtiyojini aniqlaydi, o'rganadi va muntazam ravishda aniqlashtirib boradi.

3.4. ARMdan foydalanish qoidalarida ko'rsatilgan ro'yxat asosida pullik xizmatlar koʻrsatadi. Kichik va oʻrta biznes korxonalariga, uyushmalar va boshqa tashkilotlarga shartnomalar bo'yicha kutubxona-axborot xizmati koʻrsatishni tashkil qiladi. Kitobxonlarga kutubxonalararo abonement bo'yicha, shu jumladan elektron pochtadan foydalangan holda xizmat ko'rsatadi. 

3.5. ARM axborotlarni qidirib topish, ularni mustaqil ta'lim olishda, oʻquv jarayonida va ilmiy ishlarda qo'llash, ARMning ma'lumot-bibliografik apparatiga, axborot tizimlariga va ma'lumotlar bazalariga tayanish ko'nikmalarini shakllantiradi.

3.6. Foydalanuvchilar uchun informatika va bibliografiya asoslari boʻyicha mashg'ulotlar tashkil qiladi.

3.7. Mintaqaning boshqa ARMlari bilan muvofiqlashtirilgan holda aholining axborotlarga bo'lgan talablari, shuningdek ta'lim - kasb hunar dasturlari, o'quv rejalari hamda ilmiy tadqiqotlar tematikalariga muvofiq fondning jamlanishini ta'minlaydi. O'quv, ilmiy, davriy, ma'lumotnoma, badiiy adabiyotlar va boshqa turdagi nashrlarni sotib oladi. 

3.8. Fondlarni jamlash manbalarini mustaqil ravishda belgilaydi. ARMlar hamda respublikadagi boshqa muassasa va tashkilotlar bilan kitoblar va elektron resurslar ayirboshlashni, shuningdek zaruriyatga ko'ra xorijiy mamlakatlarning kutubxonalari va tashkilotlari bilan xalqaro kitoblar va elektron resurslar ayirboshlashni amalga oshiradi.

3.9. Fondlarni jamlash rejalariga tuzatishlar kiritish, ta'lim muassasalari uchun adabiyotlarni chiqarishni rejalashtirish hamda foydalanuvchilarning va fondlar tarkibining axborotlarga bo'lgan ehtiyojlariga muvofiqlashtirish maqsadida kitobxonlar talabi qondirilishi darajasini o'rganadi. Balla toifadagi foydalanuvchilarning oʻquv va ilmiy-ommabop adabiyotlar bilan ta'minlanganligini tahlil qiladi. Ilg'or axborot-kutubxona va elektron axborot resurs texnologiyasini, tadqiqot ishlari natijalarini joriy etadi. Foydalanuvchilar qiziqishlarini o'rganish maqsadida sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazadi.

3.10. Fondlarni hisobga olish va joylashtirishni amalga oshiradi, ularning saqlanganligini, saqlash rejimini, hujjatlar nusxasini olishni va mikrofilmga hamda elektron formatga ko'chirishni ta'minlaydi. 

3.11. Hujjatlarni chiqarib tashlashning universitet rahbariyati bilan kelishilgan tartibiga, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq hujjatlarni ARM fondidan chiqaradi. Sohaga oid bo'lmagan va ortiqcha, o'xshash adabiyotlarni qayta taqsimlshni amalga oshiradi. Kitoblarni belgilangan tartibda aholiga sotishni tashkil qiladi. 

3.12. Fondlarni ko'p sohali bibliografik aks ettirish yordamida an'anaviy va elektron manbalarda kataloglar va kartotekalar tizimini yuritadi.

3.13. Foydalanuvchilarga avtomatlashtirilgan rejimda tezkorlik bilan turli xizmatlar ko'rsatish imkonini beradigan respublika yig'ma kataloglarini, shu jumladan elektron kataloglarni tuzishda qatnashadi.

3.14. Boshqa ARMlar, kafedralar, ilmiy jamiyatlar, ta'lim muassasalarining jamoat tashkilotlari, respublika AKMlari bilan ijodiy va axborot aloqalarini rivojlantiradi.

3.15. Kutubxonalar, arxivlar, ma'lumotlarning axborot bazalariga ega boʻlgan boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlar bilan amaldagi qonun hujjatlariga, davlat dasturlariga, shuningdek muassasalar va tashkilotlar o'rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq oʻzaro hamkorlik qiladi.

4. ARMning huquq va majburyatlari

4.1. ARM quyidagi huquqlarga ega:

  • Nizomda ko'rsatilgan maqsadlar va vazifalarga muvofiq o'z faoliyatining mazmun va shakllarini mustaqil ravishda belgilash;

  • ARM tuzilmasini, shtat ro'yxatini va undan foydalanish qoidalarini ishlab chiqish hamda ularni universitet rahbariyati tomonidan tasdiqlash;

  • markazga berilgan mablag'larni tasarruf etish; yagona tarif setkasi asosida, mehnatga haq to'lash fondi doirasida lavozim maoshlarini; lavozim maoshlariga ustamalar va qo'shimcha to'lovlarni; xodimlarni mukofotlash tartibi va miqdorini belgilash;

  • ARMdan foydalanish qoidalariga muvofiq, foydalanuvchilar tomonidan ARMga yetkazilgan zararni undirish turlari va miqdorlarini belgilash;

  • yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar asosida ARM fondidan foydalanish shartlarini belgilash;

  • universitetning ta'lim-kasb-hunar dasturlari, o'quv rejalari, ilmiy-tadqiqot ishlari tematikasi bilan tanishish, uning tarkibiy bo'linmalaridan ARM oldiga qo'yilgan vazifalarini hal etish uchun zarur bo'lgan materiallar va ma'lumotlarni olish;

  • turli muassasalarda, tashkilotlarda universitet nomidan vakillik qilish, kutubxona va axborot-bibliografik faoliyat masalalari boʻyicha ilmiy konferensiyalar, yig'ilishlar va seminarlar ishida bevosita qatnashish;

  • boshqa ARMlar, kutubxonalar, tashkilotlar bilan belgilangan tartibda yozishmalar olib borish;

  • amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborot-kutubxona birlashmalariga kirish; axborot-kutubxona ishini rivojlantirishning davlat va mintaqaviy dasturlarini amalga oshirishda tanlov yoki boshqa asosda qatnashish;

  • xorijiy davlatlarning ARMlari, kutubxonalari hamda boshqa muassasa va tashkilotlari bilan belgilangan tartibda hamkorlikni amalga oshirish, shu jumladan zaruriyatga ko'ra xalqaro kitoblar ayirboshlashni yuritish, belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlarga a'zo bo'lib kirish, xalqaro kutubxonachilik va boshqa dasturlarni amalga oshirishda qatnashish. 

4.2. ARM fondlarning saqlanishi uchun javob beradi.

4.3. Universitet ARM o'zining vakolatiga taalluqli funksiyalarning bajarilmagani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.

4.4. Axborot fondlariga zarar yetkazilishida aybdor bo'lgan ARM xodimlari amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javob beradilar.

4.5. ARM O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi va boshqa me'yoriy hujjatlar asosida axborot xavfsizligini ta'minlash choralarini ko'radi. Oʻz vakolati doirasida davlat siri toifasiga kiruvchi va chegaralangan tartibda tarqatilgan ma'lumotlarni muhofaza qiladi.

4.6. ARM xodimlarining mehnat munosabatlari O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.

5. Boshqarish. Tuzilmasi va shtatlari. Moddiy-texnika ta'minoti

5.1. ARMga rahbarlik direktor tomonidan amalga oshiriladi, u universitet rektori tomonidan, oliy kasbiy ma'lumotli va ixtisosi boʻyicha kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan mutaxassislardan, mehnat shartnomasi (kontrakti) bo'yicha tayinlanadi.

5.2. Direktor o'z vakolati doirasida ishlarning natijalari uchun to'liq javob beradi, barcha xodimlar uchun majburiy bo'lgan farmoyishlar va ko'rsatmalar chiqaradi. 

5.3. ARM xodimlari shartnoma (kontrakt) tuzish yo'li bilan ishga qabul qilinadi. 

5.4. ARM huzurida maslahatlashuv organi sifatida, ishlarni boshqa ARM, AKM, kutubxonalar, universitetning ilmiy va o'quv bo'linmalari bilan kelishish uchun ARM kengashi tashkil etiladi. Kengash tarkibi, ARM direktori taqdimiga ko'ra, universitet rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi. Kitobxonlar kutubxona muassasasi bilan kelishgan holda tashkil etiladigan homiylar kengashlari yoki kitobxonlarning boshqa birlashmalari faoliyatida qatnashadilar. 

5.5. ARM o'z faoliyati to'g'risida belgilangan tartibda hujjatlarni yuritadi hamda hisobotlarni, ish rejalarini va boshqa axborotlarni taqdim etadi. 

5.6. Universitet ARM belgilangan tartibda tasdiqlangan o'z tuzilmasiga ega boʻladi. 

5.7. ARMning boshqaruv va xizmat ko'rsatish xodimlari soni universitetning ARM Namunaviy shtatlari asosida, ARM oldida turgan vazifalarni hisobga olgan holda hamda universitet kitobxonlari sonidan kelib chiqib, belgilangan tartibda shakllantiriladi. 

5.8. Universitet rahbariyati resurslar jamlashni kafolatli moliyalashtirishni, ARMni amaldagi me'yorlarga muvofiq zarur xizmat va ishlab chiqarish xonalari, kompyuterlar hamda nusxa ko'chirish-ko'paytirish texnikasi, aloqa kanallari va tashkiliy texnika bilan ta'minlaydi. 

5.9. ARM ta'minoti uchun xarajatlar universitetning umumiy xarajatlar smetasida nazarda tutiladi. 

5.10. ARM oʻzining subhisob raqamiga ega bo'lishi mumkin, unga markaz tomonidan pulli qo'shimcha xizmatlar ko'rsatish hisobiga jalb etiladigan mablag'lar kiritiladi.

6. ARMni qayta tashkil etish va tugatish

6.1. ARMni qayta tashkil etish va tugatish (qo'shish, ajratish, ayirish, birlashtirish, qayta oʻzgartirish) O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi qaroriga koʻra, amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

6.2. ARMni qayta tashkil etishda barcha hujjatlar (boshqaruv, moliya-xoʻjalik hujjatlari, shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar va boshqalar), mol-mulk va fondlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.